
Alisher Navoiy korpusi

102
Bu ko'han dayrda ich shom-u saboh,
Rohati ruh tilar bo'lsang, roh.
Chun quyosh lolasi tong gulshanidin
Chiqti, tut lola masallik aqdoh.
Anga tegruki shabistoni sipehr,
Yetkurur ruh dimog'ig'a riyoh.
Yana ul vaqtqachakim, xurshid
Ko'k biyobonida bo'lg'ay sayyoh.
Qo'yma mug' dayrida jom ilgingdin,
Dayr piri chun ani qildi muboh.
Ro'zgoring buzug' etkan esa charx,
Sen kim-u aylamak oni isloh.
Ko'p girih tushti Navoiy ishiga,
Sen kushode ber anga, yo fattoh.