
Alisher Navoiy korpusi

103
Ey, xat-u jonbaxsh la'lingdin nishon Xizr-u Masih,
Balki bu ikki uyotidin nihon Xizr-u Masih.
Xat labing uzra, labing yuz uzradur qilg'on kibi
Obi hayvon-u quyosh uzra makon Xizr-u Masih.
Ul yoshung'oy zulmat ichra, bu falakdin yonmag'ay,
Ko'rsalar xattu labingni nogahon Xizr-u Masih.
Gar Masih-u Xizr ko'zdin g'oyib o'lmishlar, ne tong,
Sabzavu obi hayotingdur hamon Xizr-u Masih.
Go'yiyo Ruhul qudus ya'ni damingdin yetti fayz
Kim, muabbad topti umr-u berdi jon Xizr-u Masih.
Yo'q daming, balkim nasimi gulshaning aylar sahih
Bo'lsalar muhlik marazdin notavon Xizr-u Masih.
Xattidin la'lig'a yettim, la'lidin toptim hayot,
Ul ikav bo'ldi manga, ey xasta jon, Xiz-ru Masih.
Soliki foniy tavajjuhdin taraddud aylamas,
Yetsalar mahviy shuhud bo'lg'an zamon Xizr-u Masih.
Dayr piri qo'ldabon, tirguzdi maydin mug'bacha
Ey Navoiy, bu ikavni qil gumon Xizr-u Masih