Alisher Navoiy korpusi
128
Ham ayog'ida o'tuk, ham boshida dastori tund,
Oshiq o'lturmak uchun boshtin ayog'i bori tund.
Tundluq man'in ne nav' aylay aylakim, o'zganing
Bir ishi bor ersa, bor oning bari atvori tund.
Dahrni raxshi agar zer-u zabar istar, ne tong
Kim erur ham o'ynamog'i tund-u ham raftori tund.
Ul kishi har lahza bilgay o'lmakim kayfiyatin,
Kim, bo'lur har dam anga bir kofiri xunxori tund.
Ey sabo, tund erdi badmastim kecha bo'ston aro,
Subhidam uyqug'a bormish — esmagil ul sori tund.
Dayr pirin tund agar qilmish xumor, ey mug'bacha,
Jomini quyg'il to'lo, anda mayi xammori tund.
Ey Navoiy, dahr komi yo'q esa, tund o'tmag'il,
Anda yuz kom arzimas bir dam bo'lurg'a bori tund.