
Alisher Navoiy korpusi

134
Har kishikim, yer yuzinda bir seningdek mohi bor,
Tong emas, yer-ko'kni gar tutquncha ashk-u ohi bor.
Ne ajab, ko'nglum adam ko'yi sari azm aylasa,
Xossakim og'zing xayolidek aning hamrohi bor.
Pok-u ogah bo'lsa ko'nglum xalq javridin, ne g'am,
Yorning chun tab'i pok-u xotiri ogohi bor.
Yorni ko'nglumda jon yanglig' nihon qilg'ay edim,
Aybi ko'nglumning budurkim, nolai jonkohi bor.
Ishq ko'yida qora tufroqcha yo'q jon qiymati,
Yo'l yarog'in dog'i topmas, ulki mol-u johi bor.
Men kibi hijronda jon bermaktin o'zga naylagay,
Dilbarimdek kimki bir begonavash dilxohi bor.
Ishq vodiysidin ayrukim erur mo'r ajdaho,
Ko'rmaduk shahkim, gado ollinda shay'allohi bor.
Ey musulmonlar, erur ko'nglumda bir kofir g'ami
Kim, erur boiski, taqvo jonibi ikrohi bor.
Ey Navoiy, hajr bedod-u jafosidin ne g'am,
Har gadokim, Xusravi G'oziydek aning shohi bor.