
Alisher Navoiy korpusi

135
Bukim, ko'ngulning ul oysiz ne sa'b holati bor,
Ul anglag'ayki, birav hajridin malolati bor.
Quyiga tushmish aning zulmi tig'idin boshim,
Hanuz tig'i yuzidin magar xijolati bor.
Quloq duri-yu yuzi ikki axtar etti qiron
Ki olam ichra base fitnag'a dalolati bor.
Sabo debon xabar ul guldin, elni tirguzdi,
Masihcha desa bo'lg'ay aning risolati bor.
Ko'ngulni zulm ila buzdung, bale bo'lur ma'mur
Shaheki, mulkida ehson bilan adolati bor.
Qadah quyoshi bila ravshan ayla xotirni,
Chu anglasangki, falak zulmidin zalolati bor.
Navoiy istamas el ishqin anglag'ay, bukim
O'z-o'zi birla junun ahlidek maqolati bor.