Alisher Navoiy korpusi

140

Yordin hijron chekar ushshoqi zor, ey do'stlar,

Necha tortay hajr, chun yo'q menda yor, ey do'stlar.

Yor ishqin asrag'il pinhon, debon sa'y etmangiz,

Vah, ne nav' etgum yo'q ishni oshkor, ey do'stlar,

Ishq birla gar birov lofi vafovu ahd urar,

Ishvagarlar ahdig'a yo'q e'tibor, ey do'stlar.

Aylamang bekasligimni ta'n, bir kun bor edi

Menda ham bir nozanin chobuksuvor, ey do'stlar.

Yorsiz vayronda qon yig'larmen oxir, siz qiling

Yor birla gashti bog'-u lolazor, ey do'stlar.

Yorsiz ifrot ila gar yig'lasam, ayb etmangiz

Kim erur bu ish manga beixtiyor, ey do'stlar.

Do'stluq aylab tutung gah-gah labolab jomkim,

Qasdi jon qilmish manga dardi xumor, ey do'stlar.

May ichingkim, dahr eli ichra ko'p istab topmaduq

Ahd-u paymonida bo'lg'on ustuvor, ey do'stlar.

Yoringiz vaslin g'animat anglabon shukr aylangiz

Kim Navoiy o'ldi bekaslikda zor, ey do'stlar.

  • Semantik izoh: