
Alisher Navoiy korpusi

141
Vasldin, vahkim, damo-dam elga jomino'sh bahr,
Bizga sog'ar-sog'ar oning furqati bazmida zahr.
Ul ko'z-u qoshdin agar qo'zg'olsa olam, tong emas
Kim, biridur ofati davron, biri oshubi dahr.
Vah, netib sabr-u shikibim mulki vayron bo'lmasun,
Ikki ko'zdin Dajla-yu Jayhundek oqib ikki nahr.
Xoslarg'a lutfung o'ldi om, yuz afg'onki, men
Omdinmenkim, mening jonimg'a qilding xos qahr.
Otlanib chiqti magar ul mast zolimkim, yana
Tushti olam kishvarig'a fitnavu qo'zg'oldi shahr.
Mehrdin yuz qilsakim, gardun arusi Zoldur,
Rustam ani aqd qilsa, naqdi jon bergusi mahr.
Ey Navoiy, yor yodinda malak mahram emas,
Faqr odobi aro tajviz qilma zikri jahr.