
Alisher Navoiy korpusi

142
Vahki, zolim ishq jonimg'a yana bedod etar,
Qatl umidi birla g'amgin xotirimni shod etar.
Zuhd-u taqvo buzdi obod aylamak birla meni,
Shukrkim, ishq-u junun buzmoq bila obod etar.
Bazmi ayshi ichra g'avg'o uyladurkim, tashqari
Kim, quloq solur agar, devonaye faryod etar.
Necha tartib aylasam sabr-u saloh avroqini,
Sarsari ishq-u junun yetkach, borin barbod etar.
Ishq ko'yida ko'ngul holi parishonroq bo'lur,
Ofiyat mulkidagi jam'iyatin chun yod etar.
Ul quyosh hijronida bu zarrai sargashtag'a
Ishq zulmi bas emaskim, charh ham imdod etar.
Ishq aro yolg'uz mening holim ko'rub har dam sipehr
Vomiq-u Farhod-u Majnun holin istishhod etar.
Vah, netib, ey xonaqah shayxi, tutay zuhd-u riyo,
Dayr piri chun manga faqr-u fano irshod etar.
Ey Navoiy, oni bil ozoda olam ahlidin
Kim, o'zin olam eli g'avg'osidin ozod etar.