Alisher Navoiy korpusi

144

Chiqib ishq o'ti ko'ksum chokidin, boshimdin oshibdur,

Bu eskirgan yog'ochqa o'z ichidin o't tutoshibdur.

Junun ahlig'a ul oy tori zulfi orzusidin

Base, sarrishtai savdoki bir-birga uloshibdur.

Qamar yuzinda musht-u kojin ko'rdum asar har yon,

Hamono ul quyosh badmast bo'lg'onda taloshibdur.

Ko'ngul chokiga g'am tuxmin xating fikri to'la qilmish,

Zaxira, ko'rki, xayli mo'r maskan ichra toshibdur.

Sabo mashshotasi, lutf aylabon gulgun to'nin kiydur

Ki ra'no sarvig'a gulbargdin xil'at yaroshibdur.

Falakning pardai zaylin bukim qildi shafaq gulrang,

Magarkim yer yuzidin ko'z yoshim xunobi toshibdur.

Meni Majnun tanin tirnog'larning zaxmidin ko'rgan

Degay Layli iti har yon qo'tur jismini qoshibdur.

Ko'ngulkim, asr-u tavsan erdi zuhd oyinida, ko'rgil

Ki, ishqing roizidin ne zabunlardek yuvoshibdur.

Navoiy turklarning tarki tutsa, ayb qilmangkim,

Anga bir turkmon mahvash g'ami mahkam do'loshibdur.

  • Semantik izoh: