
Alisher Navoiy korpusi

151
Shomi hijronim aro jismi chu nolim chirmashur,
Zulfi savdosida andoqkim xayolim chirmashur.
Ishq darsi ichra sursam nukta savdo ahlidin,
Turrasi tobig'a chun yesam, savolim chirmashur.
Chirmashay deb zulfig'a yuz pech urarmen har kecha,
Chun dimog' ichra bu savdoi muholim chirmashur.
Men quyun misli emon sargashta savdo dashtida,
Balki taqlidimni aylay deb misolim chirmashur.
Zulfi-yu qaddini ko'r, ey bog'bon, ko'p demakim,
Ishqi pechonim bila ra'no niholim chirmashur.
Mushkul ar qolg'ay asar mehr-u muhabbat ahlidin,
Buylakim, ul xaylg'a bu charxi zolim chirmashur.
Ey Navoiy, ko'nglum istar zulfi torin, zulfidek
Har dam ul savdoiyi oshufta holim chirmashur.