
Alisher Navoiy korpusi

166
Zulfung ochilib, orazi diljo' bila o'ynar,
Hindubachaye sho'xdurur, su bila o'ynar.
Ul sho'x ko'ngul lavhin etib tiyra nafasdin,
Bir tifldur alqissaki, ko'zgu bila o'ynar.
O'ynay-o'ynay bog'ladi uyqumni fusundin,
To g'amzasi ul nargisi jodu bila o'ynar.
Tong yo'qki, ko'zung bo'lsa ko'ngul birla muloib,
Majnung'a ajab yo'q, agar ohu bila o'ynar.
Bir lo'liyi bozigar erur chambar ichinda,
Xolingki, o'shul halqai gesu bila o'ynar.
Zohid bila nafs etsa tamasxur, ne ajabkim,
It sayd qilur vaqtda tulku bila o'ynar.
Mug' dayrida mast o'lsa Navoiyni ko'rungkim,
Bir olam kibi gunbadi min-u bila o'ynar.