
Alisher Navoiy korpusi

175
Muztarib ko'nglum aro ul yuz xayoli aylanur,
Mavjluq suda quyosh aksi nachukkim chayqanur.
To uzori jilva aylar — jilvagardur zulfi ham,
Mehr to aylar taharruk — soya dog'i tebranur.
Chun ulusqa ishqi o't soldi ajab yo'q kuymakim,
Beshag'a chun tushti har yon shu'la, xas ham o'rtanur.
Egma qad birla meni sargashtadurmen muztarib,
Toki chavgon azmig'a, bildimki, ul sho'x otlanur.
Sho'xliq rasmin anga taslim etarlar xo'blar,
Sekramakta uylakim uchqun chaqing'a o'tkanur
Aylay olmas orazingdin o'zga yon ko'nglum havo,
Qush o'zin mash'alg'a chun urdi — qanoti churkanur.
Soqiyo, ber mayki, g'am shomi xumori hajrdin
Bir parishon tush ko'rub, bu xasta har dam seskanur.
Kimki jon aylab fido, qozg'onsa dahr ahlida do'st,
Anglag'il, ey do'stkim, ul dushmani jon qozg'anur.
Ey xush ulkim, boshining ostidadur dilbar qo'li
Kim, Navoiy kechalar bori o'z ilgin yostanur.