
Alisher Navoiy korpusi

202
Gar o'lmasam edi ul oyg'a oshno hargiz,
Boshimg'a yog'mas edi charxdin balo hargiz.
Tariqi ishq aro bee'tidol esam, yo'q ayb
Nedinki, tushmamish erdi bu ish mango hargiz.
Jafosidin, demakim, ishq tarkini tutqil,
Bu ish bo'lurmu vafo ahlidin ravo hargiz.
Baloi ishqig'a men mubtalo-yu istamagay
Qutulmaq ila balodin bu mubtalo hargiz.
Davo chun mumkin emas ishq dardig'a, vahkim,
Iloj topmadi bu dardi bedavo hargiz.
Yoyildi Vomiq-u Farhod ishqi, yo'q edi lek
Mening ishim kebi har yon bu mojaro hargiz.
Ko'ngulni dahrdin oshufta qilmakim, xushtur
Ki, tiyra bo'lmasa jomi jahonnamo hargiz.
Sanga zamon elidin yetsa ko'p jafo muni dey
Ki, kim ko'rub edi bu xayldin vafo hargiz.
Ne kelsa, xush tut o'zungniki, xalq ko'ngli uchun
Raqam hak aylamadi kotibi qazo hargiz.
Desangki, xom tama' birla bo'lmayin ranjur,
Visol aylama ishq ichra muddao hargiz.
Navoiy, istama ko'p ishq aro navo, negakim
Bu bog' bulbulig'a yetmadi navo hargiz.