
Alisher Navoiy korpusi

203
O'ting, ishrat ahliki, biz zorlarbiz,
Tuman ming balog'a giriftorlarbiz.
Ko'ngulni qilib yuz yara ishq o'qi,
Tarahhum qilingkim, dilafgorlarbiz.
Tilarbiz shifo bir Masiho nafasdin
Ki, bu ko'hna dayr ichra bemorlarbiz.
Yorutqoy debon ko'zni bir sa'dkavkab,
Har aqshom tong otquncha bedorlarbiz.
Sabukruh soqiy, fano jomi tutqil
Ki, o'zluk yukidin garonborlarbiz,
Muyassar esa do'stning vasli bir dam,
Berib ikki olam, xaridorlarbiz.
Navoiy kebi ichgali ishq jomin
Xarobot ko'yida xummorlarbiz.