Alisher Navoiy korpusi

226

Yo'q damekim, furqati jonimg'a bedod aylamas,

G'ayrni shod etkali ko'nglumni noshod aylamas.

O'lmakimni bilmayin go'yo der ermish ul pariy

Kim, necha tundurkim, ul devona faryod aylamas.

Ulcha bag'rimg'a qilur g'am nishidin hijron g'ami,

Tog'ning bag'rig'a metin birla Farhod aylamas.

Soldi ko'nglum o'tig'a paykonlarin hijron, ajab

Kim, maning qatlimg'a boshtin tig'i po'lod aylamas.

Qaysi bir damdurki solmon sabr avroqig'a ko'z

Kim, borin ohim yeli bir damda barbod aylamas.

Bevafolar rag'mig'a sevdim parini, ey ko'ngul

Kim, vafo izhori jinsi odamizod aylamas.

Oqibat chun ayruluqdur, ul kishi aylar g'alat,

Kim visol ichra o'zin hijrong'a mu'tod aylamas.

Mug'bacha qurboni bo'lsak yo'q ajabkim, piri dayr

Bizga oyini fanodin o'zga irshod aylamas.

Ey Navoiy, bo'lma aning yodidin g'ofil dame,

Sen kim o'ldung degalikim, ul meni yod aylamas.

  • Semantik izoh: