Alisher Navoiy korpusi

231

Kimgakim bo'lsa nasib ul ofati jondek anis,

Bebaho bo'lg'ay qoshinda mohi Kan'ondek anis.

Qayda bu gulshanda uns o'lg'ay mangakim, istaram

Orazi gul, qomati sarvi xiromondek anis.

Kofirekim naqdi dinim oldi-yu yoshurdi yuz,

Topmog'um yuz sa'y ila ul nomusulmondek anis.

Uns tutqoch, va'dai vasl etti-yu qildi xilof,

Hech kimga bo'lmasun ul ahdi yolg'ondek anis.

Ul pari men telba birla uns agar tutmas, ne tong,

Dasht aro Majnung'a bas g'uli biyobondek anis.

Ne ajab davron aro oshub tushmak har zamon,

Menki istar bo'lsam ul oshubi davrondek anis.

Qilg'ay insoniyat ar ko'z mardumig'a tutsa uns,

Ey Navoiy, yaxshidur insong'a insondek anis

  • Semantik izoh: