
Alisher Navoiy korpusi

248
Ohkim, ul sho'x erur ham mohvash, ham shohvash,
Balki ham quldur anga yuz shohvash, ming mohvash.
Gar quyosh ermas yuzung, nevchun nishotim mazrain
Tobidin aylab quruq, rangimni qildi kohvash.
Ko'nglum olib budurur maqsud angakim o'rtagay,
Bukim o'zni dilsitonim ko'rguzur dilxohvash.
Vasl aro o'zni xayol aylab nishotim bordur,
Soyil andoqkim yasag'ay o'zni ahli johvash.
Ey quyosh, ohim ne tong olamg'a solsa rustaxez,
Har damim gardung'a chunkim shu'la tortar ohvash.
O'zdin ogah ermon, ogohe kerak sarvaqtima,
To ul ogah davlatidin bo'lg'amen ogohvash.
Ey Navoiy, gar hidoyat yetsa yo'lg'a kirgamen,
Garchi mug' dayrida holo bor esam gumrohvash.