Alisher Navoiy korpusi

259

Menga nomehribon yor o'zgalarga mehribon ermish,

Mening jonim olib, ag'yorg'a oromijon ermish.

Tan uzra emdi fahm ettim adadsiz toza dog'imni

Ki, har bir-bir qorarg'an shomi hajrimdin nishon ermish.

Buzulg'an ko'nglum atrofindag'i zaxm ichra novaklar

Baliyat qushlari-yu zaxm alarg'a oshyon ermish.

Raqibi sindurub ko'nglin-u men yig'lab anga, lekin

Su keltirmak hamon-u ko'za sindurmoq hamon ermish.

Baliyat dashtida zore ko'rub Majnun sog'ing'aylar,

Ko'ngul otlig' bizing ovorai bexonumon ermish.

Xayoling xayli ko'nglum dashtida chun qildilar manzil,

Har o't yoqqan yer ul manzilda bir dog'i nihon ermish.

Zamon oshubidin ko'nglumga yuz shiddat yetar erdi,

Chu fahm ettim – munga bois ul oshubi zamon ermish.

Agarchi men yomonmen, yaxshidurkim mu'tarifdurmen,

O'zin yaxshi tasavvur aylagan mendin yomon ermish.

Navoiy nazmini ko'rdum quyosh lavhig'a sabt etkan,

Buyurg'an ani oliy qadr shohi xurdadon ermish.

  • Semantik izoh: