
Alisher Navoiy korpusi

264
Latofatda yuzung ham gul emish, ham gulsiton ermish,
Halovatda labing ham jonu ham oromijon ermish.
Bu ma'nidinki doim chun nihondur ul pariy ko'zdin,
Ishi jon-u ko'ngulga o'rtamak dog'i nihon ermish.
Iti bag'rimni yer chog'da ayog'i qong'a bulg'andi,
Ko'zum bog'ida gul aning tabonidin nishon ermish.
Shararlar birla ohim dudini sahroi ishq ichra
Kishi ko'rsa, gumon qilg'ay: ming o'tlug' korvon ermish.
Chamanda har sari qildim guli ra'no gumon, ul xud
Sarig' gul jomida gulgun sirishkim birla qon ermish.
Sog'indim ko'yida har kecha itlar nolasi, lekin
Nachukkim telba it ushshoq ko'nglidin fig'on ermish.
To'kub may muhtasib, men yig'ladim, lekin ul usrukka
Su keltirmoq hamon-u ko'za sindurmoq hamon ermish.
Fano dayriki gardun hisnidin mahkamdurur, bildim
Ki, gardun zulmidin faqr ahlig'a dorulamon ermish.
Navoiyni dedim ishq ichra somone topib erkin,
Vale ko'rdum — hamul devonai bexonumon ermish.