
Alisher Navoiy korpusi

265
Ishq ko'nglungga solib dard, ani qon etmish,
Ol kisvat bila kofirni musulmon etmish.
Ko'zlaring sho'xlug'idinki el erdi giryon,
Ani bir sho'x ko'zi ishvasi giryon etmish.
Emdi ahvolima shoyadki iching kuygaykim,
Sharari ko'nglung aro ishq o'ti pinhon etmish.
Bilgasen tig'i firoqing bila ko'nglum chokin,
Emdikim hajr sanga choki giribon etmish.
Xori hijron taniga chun tikilur anglag'asen,
Ulcha jonimg'a mening xanjari hijron etmish.
Sencha kimdur boqibon ko'zguga oshiqliq qil,
Ko'nglung ar choshni ishq ila tug'yon etmish.
Ey Navoiy, magar ohing ani tutmishki, kecha
Nechakim sen chekibon oh, ul afg'on etmish.