
Alisher Navoiy korpusi

286
Tong emastur, tobi ishqingdin ko'ngul gar topsa haz,
Ne ajab, o't shu'lasi birla samandar topsa haz.
Xasta ko'nglum bir labing qandidin, ey obi hayot,
Toptihaz, sharbat ichib netti mukarrar topsa haz.
Jomi la'lingdin ko'ngul mahzuz bo'ldi, vah, ne tong,
Tushsa maxmur ilgiga bu nav' sog'ar, topsa haz.
Tun-kun ul bebok may ichkandin ar g'amgin esam,
Bok yo'q, maydin kerakkim ul sitamgar topsa haz.
Men yutub qon yig'laram, la'ling ichib sog'ar kular,
Teng qadah ichkan kerak erdi barobar topsa haz.
Ishqi komil ko'rki, yuz ming zuhd birla bodadin,
Go'yiyo men haz toparmen, ul samanbar topsa haz.
Ne ajab, ahli xirad xushdil Navoiy nazmidin,
Javhari topqanda, tong yo'q, yaxshi gavhar topsa haz.