
Alisher Navoiy korpusi

289
Ulki, aylarmen g'ami hajrinda jon birlan vido',
Qosh jondek aylasa bu notavon birlan vido'.
Gar jahon-u jon ila qilmoq vido' oson erur,
Lek bas mushkuldur ul jon-u jahon birlan vido'.
Gar vido' etsam zamon-u yuz ming oshubi bila,
Naylab etkaymen ul oshubi zamon birlan vido'.
Xonumonimg'a vido' ettim g'amidin, vah, anga
Kim, dey olg'aykim, qil ul bexonumon birlan vido'.
Men o'lub ul yaxshilar sultonining hijronida,
Ul topib jon aylaganda men yomon birlan vido'.
Ayladim ko'p mehribon birla vido-yu o'lmadim,
Vah, o'larmen, qilsam ul nomehribon birlan vido'.
Dahr bo'stonig'a mag'rur o'lma ko'p, ey bog'bon,
Oxir etkung, chun gul-u sarvi ravon birlan vido'.
Gar vido'ing vaqti o'lsam borib o'zdin, ne ajab
Kim, erur ko'p sa'b sendek dilsiton birlan vido'.
Ey Navoiy, xayrbodi vaqti xilvat istakim,
Aylagung oshub-u faryod-u fig'on birlan vido'.