
Alisher Navoiy korpusi

29
Jismi bemorimg'a bor ul nargisi shahlo balo,
Joni xunxorimg'a ham ul la'li ruhafzo balo.
Dahr ichinda ofiyat netsunki, ichkach bir qadah,
Yog'durur olamg'a ul sho'xi qadah paymo balo.
Ne balodurkim, qutulmasmen balodin bir nafas
Kim, manga yetmas dame ul sho'xdin illo balo.
Voykim, jonimg'a ko'z-u qosh-u xattu xolidin,
Yo adamdur, yo malolat, yo suubat, yo balo.
Qasdima azm etti, vah, o'lmaktin o'zga chora ne
Kim, erur ham jilva ofat, ham qadi ra'no balo.
Sevgali ul shahni men munglug', balo har dam yog'ar,
Bor emish bo'lmoq gadoning dilbari mirzo balo.
Ul balog'a o'rganibmen, o'ylakim jonim chiqar,
Ko'rmasam boshimda bir soat meni shaydo balo.
Jomi minoyi ilikdin qo'yma, bu davrondakim,
Yog'durur davr ahli uzra gunbadi mino balo.
Ey Navoiy, farq aro qil mosivalloh daf'ikim,
Keldi solik boshig'a dunyovu mofiho balo