Alisher Navoiy korpusi

295

Ul oy ravshan qilur ko'zlarni mehri xovari yanglig',

Netib devona bo'lmaykim, qochar mendin pariy yanglig'.

Saodatlig' biravkim, g'am tuni naxsiyati daf'in

Qilurg'a chiqsa ollidin jamoling Mushtariy yanglig'.

Nechuk takrorida to subh bulbuldek navo chekmay,

Yuzungkim, sabzai xatdin erur gul daftari yanglig'.

Jabiningdurmukim, ikki muambar toqi kenidin

Chiqibdur yarimi subhi saodat axtari yanglig'.

Ne yanglig' turfa qushsen, vahki, tovusu tazarv ermas

Jamolingcha, nachuk jilvangni dey kabki dari yanglig'.

Ul o'tlug' chehra davrinda muanbar zulf erur har yon,

Tajalli barqidin kuygan maloyik shahpari yanglig'.

Xusho, dayri fanokim, mug'bacha atrofidin chiqqay,

Qilurg'a naqdi din toroj Xaybar kofiri yanglig'.

Kishi hijronda o'lman vasl otin tutmoq erur andoq

Ki, g'ofil ravza tush ko'rgay riyo tanparvari yanglig'.

Navoiy, aysh uchun dayr-u riyozat chekkali Ka'ba

Gar istarsen, bu ikki ishga yo'qtur yer Hiri yanglig'.

  • Semantik izoh: