
Alisher Navoiy korpusi

308
Gar tanimda zohir o'lmish dog'i hijron har taraf,
Jonda xud yuz oncha bordur dog'i pinhon har taraf.
Ishq sahrosida menmen soyir andoqkim quyun,
Dema sargardon kezar Majnuni hayron har taraf.
Ko'yiga pinhon borib, zaxmim ne yanglig' yoshuray,
Kim qayon borsam yarolardin borur qon har taraf.
Ko'ksum ichra tushti bir xori xasak, ya'ni ko'ngul,
Toki andin chiqqali bir no'gi paykon har taraf.
Hinduyedur bul'ajab bozigar ul ko'z davrida,
Hind eli ahli tamosho xayli mujgon har taraf.
Toza bo'lsun ul bahori husnkim, onsiz ko'zum
Durfishon o'lmish nachukkim abri nayson har taraf.
Har taraf maydon aro yuz fitna tushti, rahm etib,
Tavsaningni chopmag'il qilg'anda javlon har taraf.
Dayr ichinda netti tirguzsang meni, ey mug'bacha,
Jomi davringdin tomar chun obi hayvon har taraf.
Chun Navoiydek havoiy bo'ldum ul oy hajridin,
Ne ajab, yeldek yuz ursam, tortib afg'on har taraf.