
Alisher Navoiy korpusi

311
Har kun o'tkan kechadin oshufta ko'nglum zorroq,
Har tun o'tkan kundin ashkafshon ko'zum xunborroq.
O'lmakimni qilg'in osonroq visolingdinki, bor
Furqatingdin lahza-lahza holatim dushvorroq.
Shiddati holimdur andoqkim, ajaldin jon erur
Har necha boshimg'a botroq kelsa minnatdorroq.
G'am tuni tul-u savodin ko'z bila ko'nglum bilur
Kim, alardin yo'q edi muztarroq-u bedorroq.
Hajr dashtin sayli ashkim oncha qozdi har taraf,
Kim bu sahro tog'lardin bo'ldi nohamvorroq.
Men aning husnini ko'rsam yuz quyosh miqdoricha,
Zarradin men ollida yuz qatla bemiqdorroq.
Necha laylivashroq ul oy jilva ko'rguzdi manga,
Ko'rdi men shaydoni ham ishqida majnunvorroq.
Ka'ba shayxi-yu riyodur, dayr piri-yu fano,
Ey Navoiy, dema mundin ani fayzosorroq.
Durdkashlar ichra mendin forig'i gar yo'q, ne tong,
Chun xarobot ichra yo'q mendin kishi xummorroq.