
Alisher Navoiy korpusi

316
Solur dinim uyiga kofire har lahza vayronliq,
Musulmonlar, bu shahr ichra magar yo'qtur musulmonliq.
Jamoli jilva qilg'ach, naylab idrok aylayin husnin,
Chu hayronliq uza ortar manga har lahza hayronliq.
Labi la'ling erur og'ishta qonimdin, ajab ermas,
Ani tutsamkim, ul mayxoradur bu dam manga qonliq.
Ko'ngul to ayladi zulfung savodi a'zamin maskan,
Qarorib ro'zgori, ko'rdi yuz turluk parishonliq.
Yoshurdum dog'i ishqing, hajr o'ti jismimni kuydurdi,
Ko'ngulni dog'i chok et, qolmadi chun anda pinhonliq.
Labingdur jomi Jamshid-u yuzung mir'oti Iskandar,
Musallamdur sanga husn-u jamol ahlig'a sultonliq.
Agar yo'q odamiliq menda-yu yorimda, tong ermas,
Ki majnunda kishilik yo parida bo'lmas insonliq.
Jahon bazmida mehmonsen, iki-uch sog'ar ichkach, qo'p,
Ki munjar bo'lmag'ay nogah malolatqa bu mehmonliq.
Bori dushvorliqlarni o'zungga aylasang oson,
Bori dushvorliqlar dog'i bo'lg'ay shoyad osonliq.
Kel, ey soqiy, meni bir jom ila qil masti loyaqil,
Ki dahr ichra erur g'ofil tirilmak mahzi nodonliq.
Navoiy, chunki mug' dayrida tutti mug'bacha sog'ar,
Ichib may, kofiri ishq o'lmasang, ko'rgung pushaymonliq.