Alisher Navoiy korpusi

332

Gulshan ichra yo'qtur oromim-diloromim kerak,

Sarv-u gulni naylayin, sarvi gulandomim kerak.

Gar pariylar qush kibi ram qilsalar men telbadin,

G'am yo'q ul sho'xi pariypaykar mening romim kerak.

Ofiyat ko'yida mahvashlarg'a yo'qtur nisbatim,

Ul muqomirsheva sho'xi bodaoshomim kerak.

Ka'bada nokom ila din ahlig'a yo'q juz nifoq,

Dayr ichinda kofiri bebok xudkomim kerak.

Gul bila savsan kerakmastur manga, ey bog'bon,

Zulfi sunbul atrliq ruxsori gulfomim kerak.

Ey xarobot ahli, rasvo ko'nglum itmish bu taraf,

Kelmisham topib surog' — ul rindi badnomim kerak.

Ey Navoiy, xonaqahda topmadim juz tafriqa,

Xum kibi mayxonaning kunjida oromim kerak.

  • Semantik izoh: