Alisher Navoiy korpusi

341

Birovki, qo'ndi kecha o'zga yerga yori aning,

Ko'zidin uyqu o'charg'a ne ixtiyori aning.

Kishiki, dilbari ag'yor birla tutti qaror,

Ajab emastur, agar bo'lmasa qarori aning.

Zamona xo'blaridin vafo tama' tutqan,

O't istagayki, su qilg'ay ayon sharori aning.

Vafog'a chunki jafodur evaz, xush ul forig'

Ki ishq kishvarig'a tushmamish guzori aning

Ko'ngul havosi meni buzdi, shukrdur angakim,

Tuzuldi ofiyat avjida ro'zgori aning.

Hayot gulshanidin qayda bar yegay ko'nglum,

Ki g'am xazonig'a bo'lmish badal bahori aning.

Zamona bog'ida naxli vafo emas sarsabz,

Ki javri jolasidin tushti barg-u bori aning.

Quvonma davlat-u husnungg'a, ey parivashkim,

Zamona davlatidek yo'qtur e'tibori aning.

Navoiy etsa fig'on, xo'blar, toriqmangkim,

Ne qolg'usidur o'zi, ne fig'oni zori aning.

  • Semantik izoh: