Alisher Navoiy korpusi

342

Oshiq o'ldum, pand bermang – choram asbobin tuzung,

Ishq zor etganga zulm etmang – tarahhum ko'rguzung.

Eyki dersiz ishq aro sabring uyin obod qil,

Mundoq etguncha hayotim qasri bunyodin buzung.

Sarvinozimkim borur ko'z bog'idin, qilmon qabul,

Gar aning o'rnida to'bi naxlini o'lturg'uzung.

Onsizin, ey do'stlar, ne zahr-u ne obi hayot

Kim, musovidur manga gar o'lturung, gar tirguzung.

Gar ajal turg'uzmadi jismimni ul oy ko'yida,

Do'stlar, na'shimni bore anda bir dam turg'uzung.

Durd kelturdung debon yozg'urmangiz, ey ahli ishq,

Bok yo'q, zuhdum ridosi kunjiga solib suzung.

Chun Navoiy ko'nglini qildi girih bir tori zulf,

Do'stlar, sarrishtai ummidni andin uzung.

  • Semantik izoh: