
Alisher Navoiy korpusi

346
Rahm etib, ey do'stlar, majruh ko'ksumni yoring,
Qo'l yolang aylab solib, har yon ichimni axtoring.
Uchrasa yuzi qora ko'nglum tutub, tortib, uzub,
O'tqa solib o'rtabon, jonimni andin qutqoring.
Ketgan ersa choklik ko'ksum tikib, voqif bo'lub,
Kelsa bu jonib, sinonlar birla sanchib qaytoring.
Chun o'larmen – yorni istang, boshimg'a kelmasa,
Bosh yalang aylab, qo'yub tufrog' uza yuz, yolboring.
Kelsa ayturda oshuqmangkim, farahdin o'lmayin,
Nuktadonlig' birla ul so'zni qoshimda o'tkoring.
Boshima yetsa, chu o'lgumdur necha faryod etib,
Bir nafas Tengri uchun har qaysingiz bir yon boring.
Gar muyassar bo'lmasa bu ish, Navoiy xastani,
Qo'ldabon yo sudrabon mayxona sari boshqoring.