
Alisher Navoiy korpusi

384
Ey pariy, yuz yoraliq ko'nglum sari nazzora qil,
Yorasiz har qaydakim topsang, ani ham yora qil.
Pora-pora aylagach bir-bir aning ajzosini,
Yuzlarin borining ohim dudi birla qora qil.
Xayli hindudekki, dushman ilgida bo'lg'ay asir,
Har birisin olam ichra bir taraf ovora qil.
Chun alar ovora bo'ldi, ko'zlarimni ham o'yub,
O'tqa tashlab, uylarin ham tosh bila yuz pora qil.
Ul ikavdin boshima kelgan balovu g'ussani
Aylabon mundoq uqubatlar zamone chora qil.
Ko'z-u ko'nglum bo'lmasa netkung agarchi, ey sipehr,
Xo'blarg'a sarvdin qad, mehrdin ruxsora qil.
Ey Navoiy, o'ynag'ung yo'q ishq to yuz ko'rmagung,
Uzr aytib, yer o'p-u so'z tarkini yakbora qil.