Alisher Navoiy korpusi

394

Necha hijrondin buzug' ko'nglumda bo'lg'ay dam-badam

G'am uza g'am, dard uza dard-u alam uzra alam.

Yor hijroni, vatan tarki-yu g'urbat shiddati,

Charx bedodi-yu davron mehnati, el javri ham.

Sabr ozidin azob, anduh ko'pidin iztirob,

Ashkdin sayli balo, oh o'tidin har dam alam.

Subh-u shom emgak ko'pidin ko'ngluma yuz ming balo,

Shom to subh uyqu yo'qtin jonima yuz ming sitam.

Barcha bir sari, manga-vu yor za'fi bir sari,

Kosh anga sihhat bo'lub, bo'lg'ay manga yuz muncha g'am.

Sadqa aylarga anga loyiq, manga yo'q tuhfaye,

Xasta jonim naqdi bordur elt, ey payki haram.

Ey Navoiy, sharhi holimni dedim irsol etay,

So'zidin ham safhag'a o't tushti, ham kuydi qalam.

  • Semantik izoh: