Alisher Navoiy korpusi

403

Suda ko'rmak yuzung dushvor edi, ey husn aro mohim,

Xususankim, anga tahrik bergay sarsari ohim.

Ne yanglig' ul quyosh ko'yiga yolg'uz azm qilg'aymen,

Ki bo'lmoq istamon ul yon borurg'a soya hamrohim.

Ko'ngulni istadi ul, oni ko'nglum istadi, yuz shukr,

Ki holo dast bermish har nekim bor erdi dilxohim.

Biravni ko'z ko'rub, ko'nglum asir o'lg'anni yoshursam,

Gah ashkim imtidodi fosh etar, gah ohi nogohim.

Gar o'lsam itlari hamkosasi, ahbob, ta'n etmang,

Alar ikrohi gar yo'qtur, mening xud qayda ikrohim.

Necha dog' istaram ko'nglum aro, Tengri uchun o'rta,

Ki soyilmen, bu ikki-uch diramdur shay'alillohim.

Marokib gardi ul yondin, bu yondin xalq nazzora,

Magar yo'linda men o'lgan, tamoshog'a kelur shohim.

Ajab yo'q pirlarning nuktasidin bo'lmog'im ogah,

Fano yo'li suluki ichra bo'lsa piri ogohim.

Tanimni, ey Navoiy, har taraf ko'yida oh eltur,

Tilab ul xirmani gulni, uchar har yon pari kohim.

  • Semantik izoh: