
Alisher Navoiy korpusi

429
Hajr arokim, o'zni may birla fasona aylaram,
Yig'lamakka boda ichmakni bahona aylaram.
La'lgun har mayki ichtim ul mayi lab hajridin,
Ko'zdin ashki la'lgun yanglig' ravona aylaram.
To icharmen may, qadahdek yig'laram bexud bo'lub,
Topmasam bir dam, fig'oni bexudona aylaram.
Zavraqi may bo'lmasa, bilkim, o'larmen, ey rafiq,
G'ussa bahridin aning birla karona aylaram.
To to'la tutsun debon soqiy manga yetkach qadah,
Tashqi davri xattini oning nishona aylaram.
Soqiyo, tut bodakim, ko'prak meni mabhut etar,
Nechakim andishai bu korxona aylaram.
Ne asig', chun yor ko'ngli aylamas bu yon kashish,
Ey Navoiy, nechakim dilkash tarona aylaram.