
Alisher Navoiy korpusi

440
Ishq dashtin hech g'urbatkash musofir ko'rmasun,
Men g'arib ul dasht aro ko'rganni kofir ko'rmasun.
Yormangiz Farhod-u Majnun ollida ko'ksumnikim,
Botinimning dard-u dog'in ahli zohir ko'rmasun.
Dahrni qil tiyra, yo rabkim, aning tufrog'idin
Har ne ko'z mumkin esa bo'lmoqqa nozir, ko'rmasun.
Har boqishda qatli om aylar ko'zungkim, dahr eli
Hech kimni sen kibi bu fanda mohir ko'rmasun.
Voizo ko'p vasf qilding somirining sehrini,
Hozir o'lg'ilkim, seni ul ko'zi sohir ko'rmasun.
Kimki oshiqlik asiridur, taxayyul birla ham
Ishq ko'yida o'zin osuda xotir ko'rmasun.
Kim Navoiydek fano vodiysida istar huzur,
Kechsun o'zdin, balki xud o'zlukni hozir ko'rmasun.