
Alisher Navoiy korpusi

447
Xizrvash xat birla chun husnung samandin surgasen,
Yuz Sikandarni sug'a eltib, susiz kelturgasen.
O'rtanurmen, g'ayr ila har kecha ichsang, vah, necha
Sham'i bazmingni yorutmaqqa meni kuydurgasen.
Bo'ynuma yetkurding ilgin tig' urarg'a, ey sipehr,
Men xud ul ermanki, ilgim bo'ynig'a yetkurgasen.
Yo'qki ko'rmaydur, ko'rib amdo nazar solmas pariy,
Bir boqish ummididin, ey ko'z, necha telmurgasen.
Ul jamol avjida sen munglug' ne mumkin, ey ko'ngul,
Kim fusun birla quyoshni charxdin indurgasen.
Ashk ila ko'nglum o'ti o'chmas, qadah tut, soqiyo,
Kim bu su birla magar ul shu'lani so'ndurgasen.
Telbalik aylar Navoiy, ey sabo, holin magar
Ul pariyg'a hazl taqribi bila bildurgasen.