
Alisher Navoiy korpusi

454
Ko'yida itlar meni gah tirmabon, gah tishlabon,
Za'fdin o'lganda bir-birdin uzarlar sudrabon.
Men kim-u qilmaq havas aning qo'lidin muttako,
Ko'yida bas yotsam ilgimni boshimg'a yostabon.
Ne junundur, vah, bukim yirtuq yaqoni chok etib,
Ashkim oqqanda kulub, turg'an zamoni yig'labon.
Elni g'ofil aylabon o'zni solurmen ko'yiga,
Har tarafdin ursalar tosh, it masallik qavlabon.
Tifli maktabdek qochib borur yana ul oy sari,
Telba ko'nglumni necha topib ketursam aldabon.
Umr o'tub bir uchrabon holimni so'rsa, voykim,
Ayta olmasmen javob, oshufta ko'nglum to'xtabon.
Hazl etar ko'nglum bila ul sho'x-u ko'nglum tortar oh,
Tifldekkim, dud etar o't birla har dam o'ynabon.
Aql uchub bexudlug' aylarmen, yo'luqsang nogahon,
Kimsadekkim, telbalik qilg'ay pariyg'a uchrabon.
Soqiyo, muhlik xumorim uzrig'a solma quloq,
Bir qadahni og'zima quyg'il qulog'im to'lg'abon.
Umr torin chun kesar davron jafo tig'i bila,
Jazm bilgilkim, anga bo'lmas ko'ngulni bog'labon.
Ey Navoiy, chun zamon ahlig'a aslo yo'q vafo,
Topmag'ung hargiz vafo ahli, alarni tanlabon.