
Alisher Navoiy korpusi

460
Charxning jonimg'adur yuz tig'i qotil har zamon,
Davrdin jomimda ming zahri halohil har zamon.
Asru mushkildurki, yuz mushkil g'amimdin birni charx
Qilmayin hal, yetkurur yuz oncha mushkil har zamon.
Umrida Farhod-u Majnun hosil etkancha balo,
Ishqdin bordur meni mahzung'a hosil har zamon.
Har zamon ko'nglumga ishq afsonasin yozmoq ne sud,
Chayqalib daryoyi g'am aylar chu zoyil har zamon.
Jannati vasl istamang, ahbobkim, sahrosida
Bir tamug' ermish safar ahlig'a manzil har zamon.
Sihhatim tutmoq vujud imkoni yo'qtur, ey tabib,
Kim erur jonim adam ko'yiga vosil har zamon.
Demang osoyish hadisinkim, bo'lur aflokdin
Yuz baliyat oyati sha'nimg'a nozil har zamon.
Dahr aro yo'q no'sh-u yuz ming nish har dam, ey rafiq,
Yutmagay yo'q no'sh uchun yuz nish oqil har zamon.
Bo'lsa yuz jonim berib o'lmakni olsam, muft erur,
Jong'a mundoqkim yetar yuz tig'i qotil har zamon.
To abad bo'lsun jahon mulki aning farmonida,
Yuz jahoncha mulk bu mulkiga dohil har zamon.
Ey Navoiy, nazm mulki chun seningdur, aylagil
Shoh G'oziy vasfi ichra tilni qoyil har zamon.