Alisher Navoiy korpusi

470

Shahr-u kishvardin ilik yub, xonumondin kechkamen,

Xonumondin kim desun, ikki jahondin kechkamen.

Har zamon boshimg'a yuz tig'i balo aylab qabul,

Umrdin tortib etak, billahki, jondin kechkamen.

Shahru kishvar, xonumon, ikki jahon-u, umr-u jon,

Xud ne bo'lg'ay, muncha yuz kom o'lsa, ondin kechkamen.

Gar Sikandar mulki birla Xizr umr bersalar,

Uyla mulk-u buyla umri jovidondin kechkamen.

Mumkin ermastur valek, ey mehribonlarkim, dame

Qilsa yuz bedod, ul nomehribondin kechkamen.

Voizo, aylab yengillik, nechakim kavsar mayin

Maqtasang, hoshoki men ratli garondin kechkamen.

Ey Navoiy, qon yoshim bahr o'ldi bu dam istasam,

Kim yetay ul qotilimg'a, emdi qondin kechkamen.

  • Semantik izoh: