
Alisher Navoiy korpusi

476
Soqiyo, ochting chu may tutmaqqa jomi Jam yuzin,
Yuz g'amim daf' ayladingkim, ko'rmagaysen g'am yuzin.
Uyla ruhafzo labing anfosidin toptim hayot,
Kim gar o'lsam, ko'rmagaymen Isiyi Maryam yuzin.
Yor mehmon bo'lmoq ermish, boring, ey jon-u ko'ngul,
Istaramkim ko'rmagay, albatta, nomahram yuzin.
Gar vafo ahlig'a olam zulm qilmas, bas nedur,
Dudi ohimkim qora aylabturur olam yuzin.
Tun emas, baskim, falak jonimg'a qo'ymish dog'i zulm,
Ul tugonlar dudi tutmish nilgun toram yuzin.
Eyki, ko'nglung choki butti vasldin, shukr aylagil,
Kim mening zaxmimdur ulkim ko'rmamish marham yuzin.
Oncha yuzsizlik ulustin ko'rmisham, gar bersa dast,
Istaramkim, ko'rmasam hargiz bani odam yuzin.
Baski, ko'rmishmen quyosh yuzluk ulustin tiyralik,
Dermen ohim tiyra qilsa nayiri a'zam yuzin.
Ey Navoiy, tushsa mast ilgingga bir kun, o'pkasen
Ham qabog'in, ham saqog'in, ham dudog'in, ham yuzin.