
Alisher Navoiy korpusi

477
Ming o'tum bor, aylay olmasmen ayon mingdin birin,
Dahr kuygay, zohir etsam nogahon mingdin birin.
Ming tugan jismimda ko'rsang, ko'p taajjub qilmakim,
Ichdagidin zohir aylabmen ayon mingdin birin.
Dema dardingni nihon tutqilki, yuz ming dardni
Maxfi etsam, qilmish o'lg'aymen nihon mingdin birin.
Uyla yuz ming pora ko'nglumni parishon etti hajr,
Kim topa olmon tilab men notavon mingdin birin.
Garchi qildi hajr o'ti o'rtanmakimni birga ming,
Olam o'rtangay, agar qilsam bayon mingdin birin.
Ohkim, ahbobdin har kimga aylab ming vafo,
Topmadim yaxshi o'zumga men yomon mingdin birin.
Ey Navoiy, dahr eli gar ming-u gar bir tonima,
Kim vafolig' aylay olmasmen gumon mingdin birin.