
Alisher Navoiy korpusi

478
Labing mayi havasidin mudom yig'larmen,
Piyoladek bo'lubon talxkom yig'larmen.
G'aming tunida kuyub sham'dek saharg'a degin,
O'zumga uyquni aylab harom, yig'larmen.
O'zumni har nimaga kunduz aylaram mashg'ul,
G'arib holima, chun bo'ldi shom, yig'larmen.
Toriqti charx yig'imdin, magarkim bilmas edi,
Ki dardi hajr zamonin tamom, yig'larmen.
Xayol ila anga deb, dam-badam salomimni
Berib o'z-o'zuma, andin payom yig'larmen.
Bo'lub ichim to'la qon davr eli nifoqidin,
Sarig' uzor ila andoqki jom yig'larmen.
Navoiyo, yana bir lolarux firoqinda,
Ko'zum yoshin qilibon lolafom, yig'larmen.