Alisher Navoiy korpusi

479

Gar desa ko'z birla ruxsorin tamosho qilmayin,

Vaslini naylab ko'ngul birla tamanno qilmayin.

Gavhari ishqig'a ko'nglumni netib qilmay sadaf,

Muncha baskim ko'zni ifshosig'a daryo qilmayin.

Oh o'ti-yu ashk selidin bo'lur yer-ko'k to'la,

Necha dermen ishq asrorin huvaydo qilmayin.

O't tushub ko'nglumdavu ko'ksumda ravzan zaxmidin,

Dudini aning ne yanglig' oshkoro qilmayin.

Ul pariy har jilvasida aqli kul shaydo bo'lur,

Telbalikdindur, desam ko'nglumni shaydo qilmayin.

Qilmag'il, ey shayx, usruklar unidin shikvakim,

Mast o'lub mayxonada bo'lmas alolo qilmayin.

Soqiyo, andoq to'la tut bodakim, bexud bo'lay,

Toki davr oshubig'a bir lahza parvo qilmayin.

Qildi ul ko'z yodidin ko'nglum kiyiklar sari mayl,

Necha men Majnun dedimkim, azmi sahro qilmayin.

Ey Navoiy, olamoro husn nevchun ochti yor,

Bo'lmas emdi o'zni olam ichra rasvo qilmayin.

  • Semantik izoh: