
Alisher Navoiy korpusi

482
Jong'a har dam ishqidin yuz ming balo kam istamon,
O'zgaga ming yil o'tub, yuzdin birin ham istamon.
Yor chun istarki, g'amnok o'lg'amen hijronidin,
Ne ajab gar vaslidin ko'nglumni xurram istamon.
Tig'i ishqing zaxmidin jonim bir osoyishdadur,
Kim agar yuz qatla o'lsam, dog'i marham istamon.
Dev siyratlar bila ko'rsam ne hol o'lg'ay manga,
Ul pariyg'a chun malak xaylini hamdam istamon.
Ne tahammul, gar yuziga tushsa nomahram ko'zi
O'z ko'zumni ayni g'ayratdin chu mahram istamon.
Oncha el javrin ko'rub menkim tilarmen fardliq,
Bo'lsa yore ham vafoliq, jinsi odam istamon.
Ey Navoiy, ishq agar olamg'a rasvo qilmasa,
Men xud o'zni kuch bila rasvoyi olam istamon.