
Alisher Navoiy korpusi

483
O'lturur ko'yida ishq ahlin alolosi uchun,
Shoh qatl etkan kibi itlarni g'avg'osi uchun.
Tiyra zulfidin ko'ngul ruxsorin aylar orzu,
Go'yiyo ravshan su istar daf'i savdosi uchun.
Chun bo'lur har tun shabiston ichra sham'i anjuman,
Xayli anjum evrulur ul oy tamoshosi uchun.
Qaddida gulgun libos ermaski, ustodi azal
Bargi guldin hulla qilmish sarvi ra'nosi uchun.
Zulfi zanjirig'a haddim yo'q, iti zanjiri ham
Yaxshidur, qayd etsa bu majnuni shaydosi uchun.
To tirikdursen, qadah davrin g'animat tutki, charx
Evrulur tegrangga naqdi umr yag'mosi uchun.
Ey Navoiy, tarki dunyo ayla, izzat istasang,
Kim mazallat keldi sa'y oning tamannosi uchun.