
Alisher Navoiy korpusi

49
Ey, firoqingdin manga g'am ro'zi-yu mehnat nasib,
Ohkim, hajringda o'z shahrimda bo'lmishmen g'arib.
To g'arib erdim, nasibim g'am yemak erdi-yu bas,
Shahrim ichra dog'i g'am bo'lsa nasibim yo nasib.
G'urbat ichra istar erdim kezibon yor-u diyor,
Chunki toptim, istamak g'urbat erur behad g'arib.
O'z diyorimda buzug' ko'nglum ne yanglig' to'qtasun
Kim, erur begona g'am ahbob mendin, ham habib.
Kim raqibim bo'lsa, baskim, yor aylar iltifot,
Olam ahlin sog'inurmenkim, menga bo'lmish raqib
Dahr aro, eykim, deding: aylab vafo, ko'rdum jafo,
Kim vafo ahlidurur, bu so'z anga bordur ajib.
Ey Navoiy, yor vaslin topmasang, yo'qtur ajab,
No'sh yo'q, lekin ko'rar yuz nish guldin andalib.