Alisher Navoiy korpusi

494

Ul pariy mahjub bo'lg'ay deb meni devonadin,

Chug'zdek chiqmon tun-u kun go'shai vayronadin.

Oshnolar ta'ni ishqida halok aylar meni,

Muncha shiddatliq emas, nekim kelur begonadin.

Aytsamkim, sadqang o'ldum, nega kuydurdung meni?

Derki, bu mushkulni fahm et sham' ila parvonadin.

Yor mehmon bo'lsa, bermasmen rizo, chun bir nafas

Mehnat-u g'am xayli chiqmaslar bizing koshonadin.

Chunki yoyildi havodis fitnasi har go'shada,

Maslahat ermaski chiqsam go'shai mayxonadin.

Men ichib mayxonada may, jannat-u kavsar so'zin

Voiz aytib, bo'lmadi ko'ngli malul afsonadin.

Bir pariydin gar sanga bandi junun tushti, ne tong,

Ey Navoiy, qochmag'ay devonalar zavlonadin.

  • Semantik izoh: