
Alisher Navoiy korpusi

495
Necha ko'rgan soyi ajzim, javr og'oz etkasen,
Anglag'ay soyi niyozim shiddatin noz etkasen.
Mumkin ermas chun quyosh vasli kecha xuffoshqa,
Ey ko'ngul, ul yon necha hijronda parvoz etkasen.
Bo'lsa haddim, der edim ollingda ko'nglum rozini,
G'ayrni rag'mimg'a garchi mahrami roz etkasen.
La'li ul kofirning elga jon bag'ishlar, ey Masih,
Necha anfosing bila da'vo-yu e'joz etkasen.
Dam-badam shavqum sanga ko'prakdur, ammo sabrim oz,
Garchi sen bedodni ko'p, mehrni oz etkasen.
Ey falak, zulm-u sitam ichra o'z ovozing uchun,
Necha bizga har zamon bir ish sarovoz etkasen.
Ey mug'anniy, baski yig'latg'aysen elni bazm aro,
Gar Navoiy ohi birla nag'mani soz etkasen.