Alisher Navoiy korpusi

496

Qarig'an chog'da bir mahvash yigit shaydosi bo'lmishmen,

Ki ishqidin qari birla yigit rasvosi bo'lmishmen.

Quyundek po'yada maydon manga gah tog' erur, gah dasht,

Magar Majnun bila Farhodning hamposi bo'lmishmen.

Bag'irdin itlariga to'ma qon yoshimni may qildim,

Junun bazmi aro ul xayli bazmi orosi bo'lmishmen.

Meni ko'rgach bo'lur ishq ahli majnun, berma pand ey aql,

Chu men devonalarning moyayi savdosi bo'lmishmen.

Bo'lur ishq ahli ta'lim olsalar devonalig' mendin,

Nedinkim, men bu nodon xayilning donosi bo'lmishmen.

Demang ahli xirad ishq-u junun savdosidin chiqtim,

Meni bexonumon bu dashtning nasnosi bo'lmishmen.

Navoiydek qarig'anda yigit bo'lsam tong ermaskim,

Qarig'an chog'da bir mahvash yigit shaydosi bo'lmishmen.

  • Semantik izoh: